Бас, имон келтирган ва солиҳ амалларни
қилганларгина равзада 
хурсандчилик қилурлар.

Mas’uliyat hissi

Bismillahir Rohmanir Rohim!

Mana 2025- yilni ham boshlab oldik. Alloh hammamizga bu yilni hayrli va barakali qilsin. O’ylab rejalashtirib yurgan niyatlarimizga shu yilda erishishlikni nasib qilsin.

Hayotda har birimiz boshliqmiz. Oilada, ishda hech bo’lmaganda 1ta insonga boshliqmiz.

Islom dinida boshliq bo’lish katta mas’uliyatdir. Boshqarish vakolati Alloh taolodan in’om etilgan omonat hisoblanadi. Boshliq omonatli va  sof qalbli bo’lishi kerak, chunki uning harakati ko’plab odamlarga ta’sir qiladi.

Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi “Albatta Alloh sizlarga omonatlarni o’z egalariga topshirishni va odamlarga hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishni buyuradi” (Niso surasi 58-oyat)

Bu oyat boshliq bo’lgan insonlar adolatga va mas’uliyatga qanchalik e’tibor berishlari kerakligini ta’kidlaydi. Adolatli boshliq nafaqat bu dunyoda, balki oxiratda ham katta mukofotga sazovor bo’ladi.  

Payg’ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Har biringiz mas’ulsiz va har biringiz o’z mas’uliyati ostidagilarga javobgarsiz” (Imom Buhoriy va Muslim rivoyati).

Adolatli boshliq sifatida Umar roziyallohu anhu juda ko’p eslanadi. U zot halifalik davrlarida hatto kechasi odamlar holidan xabar olish uchun ko’chlarda yurardilar. Ularning bunday sof va adolatli boshqaruvi natijasida halifalik hududi adolat va farovonlikka na’muna bo’lgan.

Kunlarning birida Horun ar-Rashid ustozlari Shaqiq Balhiy hazratning ziyoratlariga keldilar. Menga nasihat qiling deb aytdilar. Shunda ustozi:

– “Ey Horun, Alloh taolo seni Hazrati Abu Bakr siddiqning joyiga qo’ydi, endi sendan siddiqlik istar. Chunki undan ham shuni istadi.

Ey Horun, Allohim seni Umarning joyiga qo’ydi. Endi sendan odillik istar, chunki undan ham aynan shuni istadi.

Ey Horun, Alloh Taolo seni Usmonning o’rniga qo’ydi. Endi sendan hayo istar, chunki undan ham shuni istadi.

Ey Horun, Alloh seni hazrati Alining joyiga qo’ydi. Endi sendan ilm istar, chunki undan ham shuni istadi”, – deb nasihat qildilar.

Rosululloh sallollohu alayhi vasallam adolatli boshliqlarning darajasi haqida ushbu so’zlarni aytganlar: “Adolatli imom (boshliq) qiyomat kunida Allohga eng yaqin bo’lganlardan biri bo’ladi. U Arsh soyasida bo’ladi va Payg’ambarlar, siddiqlar va shahidlar qatorida bo’ladi” (Imom Ahmad va Termiziy rivoyati).

Ulug’ insonlardan biri aytadilar “Agar mening bitta mustajob bo’ladigan duoyim bo’lsa uni rahbar odamni duo qilishga ishlataman”.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak rahbar odam ham ilmda ham adolatda ham hayoda hammaga o’rnak bo’la olishi kerak. Bu katta mas’uliyat. Biz otinoyilar ham o’zimizga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda mas’uliyatni his qilgan holda, rahbarlar tomonidan berilgan topshiriqlarni o’z vaqtida, sidqidildan bajarishimiz lozim. Ayniqsa hozirgi kunda ayollar o’rtasida uchrayotgan salbiy holatlarni, hususan, ayollar jinoyatchiligi va huquqbuzarligini, oilaviy ajrimlarni, erta turmushni oldini olish, bid’at va hurofotlarga, to’y va maraka marosimlaridagi isrofgarchilikka qarshi kurashishsimiz, targ’ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirishimiz darkor. Ana shunda bizning mas’uliyatimiz namoyon bo’ladi.

Bu mas’uliyatga loyiq bo’lib Allohning oldiga yorug’ yuz bilan yo’liqishlikkni Alloh nasib qilsin.

Olmaliq shahar bosh imom-xatibinig xotin-qizlar masalalari bo’yicha o’rinbosari U.Madiyorova

[carousel-horizontal-posts-content-slider]