Басимон келтирган ва солиҳ амалларни
қилганларгина равзада 
хурсандчилик қилурлар.

Бош саҳифа / Аёллар сахифаси / ISLOM MANBALARIDA AYOLLAR TAVSIFI

ISLOM MANBALARIDA AYOLLAR TAVSIFI

Alloh taolo Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam orqali ayollarning qadr-qimmatini yuksaklarga ko’tarib, Qur’oni karimda ham ular uchun alohida sura nozil qildi. Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida ayollarga oid barcha masalalar, jumladan, ularning jamiyatdagi o’rni, oiladagi, farzand tarbiyasidagi roli, ilm tarqatishdagi mas’uliyati kabilar batafsil bayon qilingan. Ilk islom davridan  to zamonamiz ulamolarigacha, barchalari o’zlarining ilmiy asarlari va kitoblarida ayollar uchun alohida boblar ajratishga ahamiyat berganlar.

Bugungi kunga kelib, ayollarning jamiyatdagi o’rni kengayib, oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi kabi masalalarni o’rganish, turli salbiy oqibatlarning oldini olish ishlariga e’tibor kuchayib bormoqda.[1]

Jumladan, Misrdagi Al-Azhar universitetining fiqhshunos olimasi, doktor Suad Solih musulmon ayolining o’z oilasi va jamiyatda munosib o’rin olishi borasida ushbu fikrlarni bildiradi:

“Ayollarga huquqlarini berish, ularga zulm qilmaslik, ularni erlar zulmidan qutqarish, jamiyatda o’rinlarini belgilash, umumiy vazifalarda hissalarini oshirish ko’pchilik da’vat qilayotganidek, ilohiy yo’riqlardan, shar’iy axloq va odoblardan chetga chiqish bilan, ya’ni G’arbdan kirib kelgan chaqiriqlarga ko’r-ko’rona ergashish bilan emas, balki Qur’oni karim va hadisi shariflarda ayol sha’nida vorid bo’lgan ta’limotlarni to’g’ri tushunish va Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam zamonlarida hamda musulmonlar ravnaq etgan davrlarda namoyon bo’lgan yorqin va oliy namunalarga ergashish bilan ham bo’ladi”.[2]

Zero, Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam yashagan davrda va o’rta asrlarda ayollar ijtihodda, hadis rivoyat etishda, adabiyotda, ta’lim-tarbiyada, iqtisodda, boshqaruvda, harb va siyosatda faol edilar.

Tarixda ayollarning davlat siyosatiga, uning boshqaruviga ilm-u fan, madaniyat va ma’rifat sohasiga katta ta’sir ko’rsatib kelganliklariga ko’plab misollar keltirish mumkin. Xususan, Amir Temur davlatida yuqori mavqega ega bo’lgan rafiqasi Saroymulkxonim xalq orasida e’zozlanib, Bibixonim deb atalgan va sohibqiron yurishlari davrida aynan unga Movarounnahr boshqaruvini ishonch bilan topshirgan. Bibixonim sohibqironning nafaqat rafiqasi, balki ishonchli va yaqin maslahatchisi ham bo’lgan.

Shohrux Mirzo hukmronligi davrida uning rafiqasi Gavharshodbegim ham Bibixonim kabi yuksak mavqega ega bo’lgan.

Keyinchalik Qo’qon xoni Umarxonning rafiqasi Nodirabegim fan, madaniyat, san’atga homiylik qilish bilan bir qatorda hukmdorning siyosat yurgizishdagi maslakdoshi va ko’makchisi bo’lgan.[3] 

Tarixda ayollar erkak zotiga jufti halol bo’libgina qolmay, ulug’ voqea-hodisalarning ishtirokchisi va aynan guvohi ham bo’lishgan. Ayol zoti uy-ro’zg’orni obod qilish va bolalarni tarbiyalash barobarida turmush o’rtog’iga uning boshqa ishlarida yordam berish va ba’zi hollarda hal etishga qiynalib turgan muammo yechimini zukkolik bilan topib berishda ko’maklashgan holatlar ham uchragan.

Xususan, Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam rafiqalari  Ummu Salamaning shunday tadbir ila noqulay holatdan chiqargani tarix sahifalarida ulug’ voqea sifatida qayd etiladi. Makka mushriklari bilan Hudaybiya sulhiga kelishuvni musulmonlar yoqtirmaydilar. Shu bois ular soch oldirishdan bosh tortganda Ummu  Salama ( r.a) ning Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamga bergan maslahati katta foyda beradi. Bu voqea shunday bo’ladi: “Quraysh elchilari bilan tinchlik sulhi tuzilgach, Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalariga qurbonliklarni so’yishni va sochlarini oldirishni amr etadilar. Sahobalar shartlarini og’ir deb bilgan bu sulhning vahiy bilan bekor qilinishiga umid bog’lab, Payg’ambar ( s.a.v) ning aytganlarini qilmadilar. Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam uch marta takrorladilar, lekin hech kim bajarmagach, xafa bo’lib, Ummu Salama (r.a): “ Yo Rasululloh, sahobalaringiz bu vazifani bajarishini istaysizmi? Chiqing, hech kimga gapirmasdan, qurbonlikni so’ying, sartaroshni chaqiring, sochingizni olsin”, dedi.

Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam rafiqalari ishorat etgan fikrni to’g’ri deb topdilar. Bunday qilish insonlarni harakatga tushirish uchun bir amaliy tashviq bo’lar edi. Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam o’rnilaridan turib, Ummu Salama (r.a)ning oldidan chiqib, uning aytganidek qildilar. Buni ko’rgach sahobalar ham o’rnilaridan turib, qurbonliklarini so’ydilar, sochlarini oldirdilar”.[4]

Chindan ham, Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam rafiqalari  va boshqa ayol sahobalar hayoti tarixiy ibratlarga to’la.

Tarixda Ikrima (r.a) nomli buyuk sarkarda sahobiy o’tganlar. Makka fath qilinganda islomga qilgan qarshiligi va Payg’ambarga yetkazgan aziyati sababli, u “bugun albatta o’limga hukm qilinsam kerak”, degan hayolda Makkadan qochib, uzoqroq yerga ketadi. Makka fathining ertasi kuni Ikrimaning ayoli islomni qabul qiladi va Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib:” Ey Allohning mahbubi! Erimga omonlik bering, toki u shundan ta’sirlanib islomni qabul qilsin”, deydi.

Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam unga omonlik berdilar. Manbalarda kelishicha, Ikrima qayiqqa o’tirib daryoning narigi sohiliga o’tib ketayotganida ayoli bundan xabar topib, u ham bir tezroq yuradigan kemaga o’tirib eriga yetib oladi va :”Qayoqqa ketyapsiz? Ortingizga qayting, Makkada yashaymiz”, dedi. Ikrima:” Ular meni qatl qilishga hukm chiqarishgan”, dedi. Ayol:” Yo’q, Rasulullohdan sizga omonlik olib keldim”, dedi. Ayol erini olib, ortiga qaytdi. Ikrima Makkaga kelgandan keyin islomni qabul qilib, Ikrima roziyallohu anhuga aylandi. Keyinchalik  u  musulmonlarning yetakchi sarkardasi bo’ldi.

Bu yerda ham muvaffaqqiyatga erishgan bir kishining ortida jufti-halol qiyofasidagi ayol mehnati namoyon bo’lmoqda.[5]

Jamiyatda ayolga, aniqrog’i, onaga yuksak hurmat ko’rsatiladi. Bu hol Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Jannat onalar oyog’i ostidadir” degan hadis shariflarida ham yaqqol bayon etilgan. Inson zotini dunyoga keltirib, ularni go’dak vaqtidan voyaga yetkazish ham aynan ayollar zimmasiga tushadi.

Abdulqodir Jiyloniy bolalik chog’ida ilm olish niyatida safarga otlandi. Onasi uning kiyimiga bir necha tanga tikib:”O’g’lim,  aslo yolg’on so’zlama”, deb nasihat qildi. Yo’lda karvonni qaroqchilar to’sib, ulardan biri Abdulqodir Jiyloniydan:” Oldingda mablag’ing bormi?” deb so’radi. Abdulqodir Jiyloniy hamma narsani ro’yi-rost gapirib berdi. Qaroqchilar sardori bo’lgan voqea haqida xabardor qilinganida, u bolani huzuruga chaqirib:”Nimaga yolg’on gapirmading? Molingni ham, joningni ham asrab qolishni o’ylamabsan”, dedi. yosh Abdulqodir: Onam safar oldidan “To’g’ri so’zla”, deb ta’kidlagan edilar, onamga to’g’ri so’zlashga va’da bergan edim. Men o’z so’zimda turaman va bu yo’lda jonimni ham ayamayman”, dedi.

Bu gap qaroqchilar sardorining qalbiga yashin kabi ta’sir qildi. U kalimai shahodat orqali Alloh taologa bergan va’dasini eslab, bolaning holati bilan o’zini solishtirdi va :”Bir bola onasiga bergan va’dasiga sodiq turadi-yu, biz nega Alloh taologa bergan va’damizga vafo qilmaymiz?!”, deb Alloh taologa tavba qilib,halol rizq topish yo’liga o’tdi. Shundan so’ng, u faqat yaxshilik qila boshladi. Vaqti-soati kelib, o’sha to’g’riso’z bola Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhga aylandi.[6]

Bu o’rinda ayol mehnati ona timsolida namoyon bo’lmoqda.

Bu go’zal an’ana Movarounnahr diyorida ham asrlar mobaynida davom etdi. Qalbi islom, iymon,Qur’on nuri bilan yo’g’rilgan, ilm-u irfonga burkangan o’zberk ayollari dunyoga imom Buxoriy, imom Termiziy, Moturidiy, Zamaxshariy, Marg’inoniy kabi minglab buyuk allomalarni tarbiyalab berdilar.

Xulosa qilib aytganda, har bir yetuk shaxs ortidagi ayol mehnati goho ona, goho jufti-halol, goho singil va goho qiz siymosida ko’zga tashlanar ekan. Yuqorida keltirilgan misollar orqali  musulmon ayollari ichida olima, taqvodor, farzand tarbiyasida o’rnak, Alloh taoloning huzurida baland martabalarga erishishda erkaklardan sira ortda qolmaydigan ayollar yashab o’tganiga guvoh bo’ldik. Endilikda biz ayollar mustaqil ona yurtimiz – O’zbekistonda tinchlik hukm surishi, osmonimiz musaffo bo’lishi, yurt obodligi uchun zimmamizdagi buyuk va sharafli vazifani—farzandlarimizga go’zal tarbiya berishdek ulkan burchni a’lo darajada ado etmog’imiz lozim.

[1] Poshshaxon Eshonxon qizi. Ayol-mo’tabar zot: ayollatga oid eng zarur fiqhiy masalalar-T.: “Hilol-Nashr”, 2018.-3 b.
[2] Qarang: Tohir Malik. Doka ro’mol qachon quriydi. T.: “Hiloh-Nashr”, 2017. – 70 b.
[3] Abduljalil Xo’jam. Mo’tabar mo’mina ayollar. – Toshkent: Movarounnahr, 2018.—168 b.
[4]  Poshshaxon Eshonxon qizi. Ayol-mo’tabar zot: ayollarga oid eng zarur fiqhiy masalalar-T.: “Hilol-Nashr”, 2018.-3 b.
[5] Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy. Erkak kishi kamolotida ayolning o’rni. Tarjimon A.Alloqulov –. Toshkent: G’afur G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2018. -27 b.
[6]  Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy. Erkak kishi kamolotida ayolning o’rni. Tarjimon A.Alloqulov –. Toshkent: G’afur G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2018. -33 b.  

Yusupova Robiya, Xoshimova Kamola
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi

[carousel-horizontal-posts-content-slider]